Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (71 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (71 KB)

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi «Qishloq xo`jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 149-sonli qarori haqida

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil  28 fevraldagi «Qishloq xo`jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 149-sonli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

QAROR  QILADI:

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi «Qishloq xo`jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 149-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko`rsatilgan qarori bilan:

a) Quyidagilar;

2018 yil 1 martdan boshlab;

paxta xomashyosini navlar va klasslar bo`yicha xarid qilish uchun davlat tomonidan kafolatlangan narxlar 1-ilovaga muvofiq;

boshoqli don ekinlarini navlar va 1 klasslar bo`yicha xarid qilish uchun davlat tomonidan kafolatlangan narxlar 2-ilovaga muvofiq;

keyinchalik mablag`larni «Agrobank» ATB tuman filiallarida joylashtirish orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda davlat tomonidan xarid qilinadigan 2018 yil hosili paxta xomashyosini etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit resurslarini hududlar, oylar va xarajatlar turlari bo`yicha kafolatli taqsimlash hajmlari 3-1-3-14 va 4-1-4-14-ilovalarga muvofiq;

keyinchalik mablag`larni «Agrobank» ATB tuman filiallarida joylashtirish orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda  davlat tomonidan xarid qilinadigan 2018 yil boshoqli don ekinlari    hosilini etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit resurslarini hududlar, oylar va xarajatlar turlari bo`yicha kafolatli taqsimlash hajmlari 5-1-5.14 va 6-1-6-14-ilovalarga muvofiq tasdiqlanganligi;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosarlari J.A.Qo`chqorov va Z.T.Mirzaevga Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining takliflari asosida kredit resurslarining tasdiqlangan kafolatli hajmlariga o`zgartirishlar  kiritish huquqi berilganligi;

b) 2018 yilning 1 martidan boshlab, mineral o`g`itlar ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan faqat birja savdolarida quyidagi shartlarga rioya etgan holda (ichki tarmoqlarga etkazib berishdan tashqari) sotilishi belgilab qo`yilganligi;

birja savdolariga qo`yiladigan mineral o`g`itlarning boshlang`ich narxi rentabellik hisobga olingan holda ishlab chiqaruvchilar tomonidan tannarxning 10 foizi miqdorida shakllantirilishi (boshlang`ich narxni belgilashda O`zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati bilan  jalb etilgan kreditlar bo`yicha asosiy qarzni qoplash bilan bog`liq to`lovlar hisobga olinishi);

azot va fosfor o`g`itlar birja savdolariga ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan shakllantiriladigan va xaridorlar toifalari uchun tabaqalashtirilgan lotlar bo`yicha qo`yilishi, bunda birja savdolariga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilar va tadbirkorlikning  boshqa sub`ektlari, shuningdek, «O`zagrokimyohimoya» AJ korxonalari uchun yirik lotlar (bitta lot bo`yicha 300 tonnadan ortiq) hamda faqat qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilar uchun mayda lotlar (bitta lot bo`yicha  5 tonnadan 70 tonnagacha) qo`yilishi;

2018 yilning 1 martidan 1 avgustigacha oxirgi iste`molchi bo`lgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilarga sotiladigan azot va fosfor o`g`itlarining narxi 7-ilovaga muvofiq belgilangan cheklangan narxlardan oshmasligi, ushbu talabni buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob berishi;

boshqa turdagi mineral o`g`itlar ochiq birja savdorlarida barcha toifadagi xaridorlar uchun lotlar hajmlari cheklanmagan holda va cheklangan narxlarsiz sotilishi;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan va ushbu bandga muvofiq xarid qilingan mineral o`g`itlardan o`z ehtiyojlar uchun foydalanilishi yoki ular ichki bozorda faqat qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga sotilishi mumkinligi.

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A.S.Sultonov O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi va «O`zkimyosanoat» AJ bilan birgalikda mineral o`g`itlarni ishlab chiqaruvchilar kesimida birja savdolariga qo`yishning har o`n kunlik jadvallarini bir hafta  muddatda tasdiqlash topshirilganligi;

v) 2018 yilning 1 martidan boshlab, iste`mol solig`i hisobga  olingan holda to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar bo`yicha, shu jumladan qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtiruvchilarga va avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalariga quyidagilar uchun yagona chakana narxlar belgilanganligi;

dizel` yonilg`isiga - bir litr uchun 4600 so`m;

EKO dizel` yonilg`isiga - bir litr uchun 4700 so`m;

«O`zbekneftgaz» AJ yangi chakana narxlar preyskurantlarini  uch kun muddatda barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarga etkazish topshirilganligi;

g) «O`zbekneftgaz» AJning:

fermer xo`jaliklariga xizmat ko`rsatuvchi avtomobillarga yonilg`i  quyish shoxobchalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub`ektlariga uzoq muddatli ijaraga bosqichma-bosqich  berish hamda ularning qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtiruvchilariga neft` mahsulotlarini sotishi;

fermer xo`jaliklariga xizmat ko`rsatuvchi va uzoq muddatli ijaraga berilgan avtomobillarga yonilg`i quyish shoxobchalari tomonidan dizel` yonilg`isini ularning haqiqiy xarajatlari va rentabellikni ta`minlashidan kelib chiqqan holda belgilanadigan chegirmalar hisobga olinib, neft` bazalari bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar bo`yicha belgilangan narxlarda sotib olishi to`g`risidagi takliflariga rozilik berilganligi;

d) Paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirishni moliyalashtirish  uchun oylarga bo`lingan kredit resurslarining kafolatlangan hajmi tegishli tuman hokimi tomonidan O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari tuman kengashi bilan birgalikda agrotexnik  tadbirlar (xaritalar) asosida paxta xomashyosi hamda boshoqli don etishtiruvchilar bo`yicha tasdiqlanishi;

 

tijorat banklarining tumanlar filiallari paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirishni maqsadli moliyalashtirish uchun kredit liniyalarini kontraktatsiya shartnomasi hamda kredit resurslarining tasdiqlangan va kafolatlangan hajmi asosida har bir ishlab chiqaruvchi  bo`yicha ochishi;

tijorat banklarining tumanlar filiallariga paxta xomashyosi hamda boshoqli don etishtiruvchilar bilan birgalikda kredit resurslarining tasdiqlangan va kafolatlangan oylik hajmi doirasida moliyalashtirish hajmlari hamda yo`nalishlariga 15 foizgacha o`zgartirishlar kiritish  huquqi berilishi;

Jamg`arma mablag`lari tijorat banklarida paxta xomashyosi hamda boshoqli don etishtiruvchilarga maqsadli kredit ajratish uchun yillik  1 foiz stavkasi bo`yicha 14 oygacha bo`lgan muddatga joylashtirilishi;

paxta xomashyosi hamda boshoqli don etishtiruvchilar xarid qilinadigan moddiy-texnik resurslar (o`simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, mineral o`g`itlar va yonilg`i-moylash materiallari) uchun oldindan 100 foiz to`lov to`lashlari;

xarid qilingan moddiy-texnik resurslar to`lov to`langan kundan  boshlab besh kundan kechiktirmasdan etkazib berishi;

ajratilgan kredit mablag`laridan maqsadli foydalanish yuzasidan tijorat banklarining tumanlar filiallari tomonidan monitoring olib borilishi va tijorat bankining tuman filiali rahbari zimmasiga monitoringning tegishli ravishda olib borilishi uchun javobgarlik yuklanishi;

davlat buyurtmasi hajmlari bo`yicha paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirishni moliyalashtirishga doir belgilangan mexanizmning  faoliyat ko`rsatishi, o`zaro hisob-kitoblarning o`z vaqtida amalga oshirilishi va moddiy-texnik resurslarning to`liq etkazib berilishi hamda xizmatlar ko`rsatilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi o`rinbosari va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy   nazorati bosh boshqarmasining biriktirilgan xodimi zimmasiga yuklanishi belgilab qo`yilganligi;

e) Quyidagilar;

Paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirish xarajatlarini, shuningdek, paxta-to`qimachilik ishlab chiqarishlarini moliyalashtirish  tartibi to`g`risidagi nizom 8-ilovaga muvofiq;

paxta xomashyosi va boshoqli don etishtiradigan fermer xo`jaliklariga kredit ajratish sxemasi 9-ilovaga muvofiq;

paxta xomashyosi va boshoqli don etishtiradigan fermer xo`jaliklarini dizel` yonilg`isi bilan ta`minlash sxemasi 10-ilovaga muvofiq;

paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlari etishtiradigan fermer xo`jaliklarini mineral o`g`itlar bilan ta`minlash sxemasi 11-ilovaga  muvofiq tasdiqlanganligi;

j) O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligiga  Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda paxta  xomashyosini yig`ib-terib olish bosqichlariga (mavsumlariga) qarab, 2018 yil hosili paxta xomashyosini yig`ib-terib olish uchun tavsiya etilayotgan   mehnatga haq to`lashning tarif stavkalarini 2018 yilning 1 avgustigacha  O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirilganligi;

z) O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga birja savdolarida mineral o`g`itlarni xarid qilish va paxta xomashyosi hamda boshoqli don ekinlari etishtiruvchilarga etkazib berish uchun yillik 3 foiz stavka bilan «O`zagrokimyohimoya» AJga aylanma mablag`lar bo`yicha kredit ajratish maqsadida «Agrobank» ATBga bir hafta muddatda 400 milliard so`m miqdoridagi mablag`larni yillik 1 foiz stavka bilan depozitga joylashtirishni ta`minlash topshirilganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:

«O`zagrosug`urta» sug`urta kompaniyasi bilan birgalikda jahon tajribasini chuqur o`rgangan holda, qishloq xo`jaligi ekinlari hosilini sug`urtalash mexanizmini takomillashtirishga doir takliflarni  bir oy muddatda ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

paxta xomashyosi va boshoqli don etishtiradigan fermer xo`jaliklarini moliyalashtirish uchun mablag`lar vaqtincha etishmaganda (kassa o`zilishida) Jamg`armaga asoslangan hisob-kitoblar bo`yicha byudjetdan foizsiz ssuda ajratish;

zarurat bo`lganda, «O`zneftmahsulot» AJga agrotexnika mavsumlaridan kelib chiqqan holda, yonilg`i-moylash materiallari zaxirasini yaratish maqsadida chetdan uglevodorod xomashyosi olib kelish uchun byudjetdan ssuda ajratish;

maqsadli mablag`lar zararkunandalarga qarshi kurashish xarajatlarini qoplash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolish uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjetiga va viloyatlar mahalliy byudjetlariga 12-ilovaga muvofiq taqsimlanishini ta`minlash;

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda un va non narxining keskin oshishiga, jumladan, «O`zdonmahsulot» AK korxonalarining bandligi, shtatlar soni, tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish orqali yo`l qo`ymaslik yuzasidan ikki oy muddatda choralar ko`rish topshirilganligi;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Z.T.Mirzaev, Qishloq xo`jaligi vaziri B.T.Yusupov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari zimmasiga ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklanganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi (A.X.Abdullaev), Qishloq xo`jaligi vazirligi (B.T.Yusupov) manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yilning 1 oktyabrigacha ekin maydonlarini to`liq xatlovdan o`tkazish va ekin maydonlarining umumiy foydalaniladigan elektron ma`lumotlar bazasini yaratishni nazarda tutgan holda, ekin maydonlarining ball boniteti  bo`yicha ma`lumotlar bazasini yangilash chora-tadbirlari dasturini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirilganligi;

y) O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasdiqlangan  ball bonitetlar asosida ball boniteti 60 dan kam va hosildorligi  past erlarda paxta xomashyosi etishtiradigan fermer xo`jaliklarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash uchun Davlat byudjetidan zarur mablag`lar ajratilishini ta`minlash topshirilganligi;

k) O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - Moliya vaziri J.A.Qo`chqorov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi o`rinbosarlari, tijorat banklari rahbarlari zimmasiga - paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirishni o`z vaqtida moliyalashtirish,  fermer xo`jaliklarining mablag`lardan mustaqil va oshkora foydalanishi hamda ularni maqsadli yo`naltirishi, xarid qilinadigan paxta xomashyosi va boshoqli don bo`yicha joriy yil oxirigacha to`liq hajmda o`zaro hisob-kitob qilish uchun manbalar shakllantirilishi;

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o`rinbosari S.I.Samadov, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar prokurorlari zimmasiga - xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar tomonidan talon-taroj va narxlarni asosiz oshirish holatlarining qat`iy oldini olgan holda, mineral o`g`itlar va yonilg`i-moylash materiallari etkazib berish bo`yicha shartnoma majburiyatlari bajarilishini   nazorat qilish;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - «O`zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruvi raisi N.S.Otajonov, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o`rinbosari   va viloyat ichki ishlar boshqarmalari, tuman ichki ishlar bo`limlari (bo`linmalari) boshliqlari zimmasiga - O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 yanvardagi PQ-3459-son qarori bilan tasdiqlangan qishloq xo`jaligi texnikasini 2018 yilning 15 apreliga  qadar etkazib berish, birinchi navbatdagi qishloq xo`jaligi texnikasini                      2018 yilning I yarmida etkazib berish, shuningdek, mexanizatsiyalashtirilgan xizmatlarni o`z vaqtida ko`rsatish bo`yicha maqsadli parametrlar so`zsiz bajarilgan holda, zarur miqdordagi qishloq xo`jaligi texnikasi                     bilan ta`minlash;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - «O`zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi A.S.Sultonov zimmasiga - fermer xo`jaliklarining yonilg`i-moylash materiallari bilan o`z vaqtida                va to`liq ta`minlanishi, belgilangan narxlarni saqlab turish                            hamda fermer xo`jaliklarini zarur miqdorda uzluksiz ta`minlash maqsadida qishloq xo`jaligining uch oylik ehtiyojni qoplaydigan                  zaxira tashkil etilishi;

O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi                     raisi R.A.Gulyamov, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o`rinbosari S.I.Samadov zimmasiga - ushbu jarayon ishtirokchilarining monopol holatidan foydalangan holda narxlarning asossiz oshirilishiga yo`l qo`ymaslik;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Z.T.Mirzaev, Qishloq xo`jaligi vaziri B.T.Yusupov, Suv xo`jaligi vaziri Sh.R.Hamraev, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga - erlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish, paxta xomashyosi va boshoqli don etishtirishning zamonaviy hamda resurs tejaydigan texnologiyalarini joriy qilish, fermer xo`jaliklarining kompleks agrotexnik tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli bajarishi;

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Z.T.Mirzaev, Qishloq xo`jaligi vaziri B.T.Yusupov, Moliya vazirining o`rinbosari A.R.Karimov, «O`zagrokimyohimoya» AJ raisi U.A.Oxunov, «O`zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi A.A.Abdullaev, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga - fermer xo`jaliklarining o`simliklarni kimyoviy va biologik himoya qilish vositalari bilan o`z vaqtida ta`minlanishi, ularga o`simliklarni himoya qilish, zararkunandalar, o`simliklar kasalliklari va yovvoyi o`tlarga qarshi kurashish bo`yicha kompleks agrokimyoviy xizmatlar ko`rsatilishi;

«Agrobank» ATB raisi S.S.Xo`jaev va bank filiallari rahbarlari zimmasiga - paxta xomashyosi va boshoqli don etishtiruvchilarga o`z vaqtida kredit ajratilishi hamda tovarlar (xizmatlar, ishlar) etkazib beruvchilar bilan o`zaro hisob-kitoblarni ta`minlash bo`yicha javobgarlik yuklanganligi;

l) Vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish va nazorat  qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari  paxta va don etishtiradigan tadbirkorlik sub`ektlari hamda fermer xo`jaliklarining qonuniy faoliyatiga, kuch, vosita va resurslar jalb qilishiga, ularning faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan tadbirlar uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo`lgan javobgarlik to`g`risida qat`iy ogohlantirilganligi;

m) Quyidagilar o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblanganligi;

Vazirlar Mahkamasining «Ammiakli selitrani ishlab chiqarish,  tashish va sotishni nazorat qilishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»  2004 yil 30 apreldagi 204-son qarori;

Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg`i-energetika resurslari bilan o`z vaqtida ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» 2017 yil                 14 noyabrdagi 913-son qarori 1-bandining beshinchi va oltinchi xatboshilari.

n) O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu  qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritish topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Quyidagilar:

Qoraqalpog`iston Respublikasida davlat tomonidan xarid qilinadigan   2018 yil hosili paxta xomashyosini etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit resurslarini tumanlar, oylar va xarajatlar turlari bo`yicha kafolatli taqsimlash hajmlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpog`iston Respublikasida davlat tomonidan xarid qilinadigan  2018 yil boshoqli don ekinlari hosilini etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit resurslarini hududlar, oylar va xarajatlar turlari bo`yicha kafolatli taqsimlash hajmlari 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qoraqalpog`iston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi, «Taxiatoshdonmahsulotlari» AJ (Utemuratov), «Qoraqalpoqdon-mahsulotlari» AJ (Xudoyarov), «To`rtko`ldonmahsulotlari» MChJ (Rozmetov), «Chimboydonmahsulotlari» MChJ (Bayniyazov), «Qo`ng`irot un zavodi» AJ (Abdijamilov), paxta tozalash korxonalari tumanlar hokimliklari bilan birgalikda «Agrobank» ATB tuman filiallariga va qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilariga uch kun muddatda:

2018 yil hosili paxta xomashyosini va boshoqli don ekinlari  hosilini navlar va klasslar bo`yicha xarid qilish uchun davlat tomonidan kafolatlangan narxlarni;

keyinchalik mablag`larni «Agrobank» ATB tuman filiallarida joylashtirish orqali davlat tomonidan xarid qilinadigan 2018 yil hosili bo`yicha oylar va tumanlarga bo`lingan kredit resurslarining kafolatlangan hajmlarini ma`lumot uchun etkazsin.

5. Vazirliklar, idoralar, huquqni muhofaza qilish va nazorat  qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari  paxta va don etishtiradigan tadbirkorlik sub`ektlari hamda fermer xo`jaliklarining qonuniy faoliyatiga, kuch, vosita va resurslar jalb qilishiga, ularning faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan tadbirlar uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo`lgan javobgarlik to`g`risida qat`iy ogohlantirilsin.

6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2004 yil 6 maydagi «O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil  30 apreldagi 204-sonli «Ammiakli selitrani ishlab chiqarish, tashish va sotishni nazorat qilishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori haqida»gi 80/3-sonli qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin.

7. Vazirliklar va idoralar o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini belgilangan muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o`rinbosari A.Tajetdinov va o`rinbosari S.Xojametov zimmalariga yuklansin.

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                        Q.Sariev

 

 


Ko'rib chiqildi: 3658