Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (64 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (64 KB)

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi « Psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3606-sonli qarori haqida

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi « Psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3606-sonli qarori haqida

Ruhiy holatlar buzilishining oldini olish va davolash bo`yicha ishni yanada takomillashtirish, O`zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining faoliyati samaradorligini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, malakali vrach-psixiatrlar tayyorlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi
«Psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3606-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:

a) Aholiga psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo`nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni ta`minlash orqali psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmining joriy etilishi;

mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa, bolalar va o`smirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami ta`minlash, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlarining belgilanishi;

aholiga psixiatriya yordami ko`rsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, psixiatriya muassasalarining vrach-psixiatrlarga bo`lgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan, xorijning etakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borishi;

O`zbekiston Respublikasi psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funktsiyalarini sog`liqni saqlashning xususiy sektoriga o`tkazish, aholiga psixiatriya yordami ko`rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilinishi;

o`z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu-kun shoshilinch yordam ko`rsatilishini ta`minlash, shu jumladan, o`z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, o`z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko`rsatish choralarini ko`rish, o`z joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilinishi;

psixiatriya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, ularning natijalari va yutuqlarini ruhiy holati buzilishining oldini olish, tashxis qo`yish va davolash samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlarni takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy faoliyatiga keng joriy etilishi;

aholiga psixiatriya yordami ko`rsatish tizimining samarali faoliyatini ta`minlovchi huquqiy bazani takomillashtirish, psixiatriya muassasalarining, shuningdek, ular bo`linmalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularni tibbiyotning zamonaviy asbob-uskunalari va texnikalari bilan jihozlanishi;

b) 2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo`yicha aholiga ayrim xizmatlar ko`rsatishga ruxsat etilishi;

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi O`zbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo`yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar ro`yxati tasdiqlanishini;

v) 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo`lganliklari, berilgan dori vositalari, ko`rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo`lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to`g`risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reestri yuritilishi amaliyotga joriy etilishi;

O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda dispanser kuzatuvi ostida bo`lgan shaxslarning yagona elektron reestrini yaratish va ushbu bandda belgilangan muddatlarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan ishga tushirish ta`minlanishi;

g) 2018 yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o`z joniga qasd qilingan har bir holat to`g`risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo`yilishi;

Sog`liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 mayga qadar bo`lgan muddatda psixiatriya muassasalarini o`z joniga qasd qilish harakatlari to`g`risida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlanishi, shuningdek, aholi o`rtasida o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalarini o`rganishi va O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hay`at majlislarida muhokama qilib borilishi;

d) Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o`qitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuzilishi;

Davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil
1 yanvargacha er solig`i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i va mulk solig`idan, shuningdek, yagona soliq to`lovidan ozod qilinishi;

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu bandni amalga oshirish bo`yicha zarur tashkiliy choralar ko`rishi;

e) Quyidagilar:

aholiga psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirishga doir birinchi galdagi chora-tadbirlar dasturi
1-ilovaga muvofiq;

psixiatriya muassasalarini 2018 yilda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash (qo`shimcha jihozlash)ga doir chora-tadbirlar dasturi
 2-ilovaga muvofiq;

2018-2020 yillarda respublika psixiatriya muassasalarining binolarini qurish va rekonstruktsiya qilishga doir chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

1-3 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri, vazirlik va idoralar rahbarlari ko`rsatib o`tilgan chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida, to`liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilanganligi;

Moliya vazirligi mazkur qarorning 2-ilovasida ko`rsatilgan tibbiyot asbob-uskunalarini xarid qilish uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag`lar ajratilganligi;

j) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

chora-tadbirlar dasturlari bajarilishining borishini xar oyda tanqidiy muhokama qilinishi;

muhokamalar yakuni bo`yicha topshirilgan vazifalarning muddatlari buzilishi va bajarilishi uzilib qolishiga yo`l qo`ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qat`iy javobgarlik choralari qo`llanishi;

ikki oy muddatda 2018 - 2020 yillarda vrach-psixiatr tayyorlash, qayta tayyorlash va xorijning etakchi klinika hamda tibbiyot muassasalarida malakasini oshirish dasturini tasdiqlanishi;

2018/2019 o`quv yilidan boshlab davlat granti asosida «psixiatriya» yo`nalishi bo`yicha magistrlarni tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot ta`lim muassasalariga, jumladan Toshkent tibbiyot akademiyasiga - 15 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot institutiga -
10 nafardan qabul kvotalari oshirilishi;

z) O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Davolash-profilaktika yordamini tashkillashtirish bosh boshqarmasi tarkibida vazirlikning umumiy boshqaruv xodimlari soni doirasida 3 birlik miqdorda psixiatriya yordami masalalari bo`yicha bo`lim tuzilishi;

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda yangi tuzilayotgan bo`limni yuqori malakali kadrlar, birinchi navbatda, tajribali vrach-psixiatr va nevropatologlar bilan to`ldirilishi;

i) O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi 2018/2019 o`quv yilidan boshlab:

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutlarida bazaviy tibbiyot ma`lumotiga ega bo`lgan vrachlar uchun ularning o`rtacha oylik ish haqisi saqlagan va xizmat safari xarajatlarini qoplagan holda «psixiatriya» va «suitsidologiya» yo`nalishlarida ixtisoslashuv kurslari tashkil qilinishi;

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida «psixiatriya» yo`nalishi bo`yicha klinik ordinaturada o`qish uchun o`rinlar sonini 10 nafargacha oshirilishi;

k) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi «Sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2863-son qarori ilovasining 2-bandidagi rus tili matnidagi «psixicheskix zabolevaniy» so`zlari «otdel`nыx psixicheskix zabolevaniy» so`zlari bilan almashtirilishi;

l) Sog`liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida takliflarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi 2018 yil 1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo`yicha aholiga ayrim xizmatlar ko`rsatishga ruxsat etilsin.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo`yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar ro`yxatini shakillantirsin.

4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog`iston hududiy boshqarmasi Sog`liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo`lganliklari, berilgan dori vositalari, ko`rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo`lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to`g`risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reestri yuritilishi amaliyotga joriy etilsin.

Dispanser kuzatuvi ostida bo`lgan shaxslarning yagona elektron reestrini yaratish va ushbu bandda belgilangan muddatlarda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan ishga tushirish ta`minlansin.

5. Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 mayga qadar bo`lgan muddatda psixiatriya muassasalarini o`z joniga qasd qilish harakatlari to`g`risida majburiy ravishda xabardor etish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin, shuningdek, aholi o`rtasida o`z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish masalalarini o`rgansin va Sog`liqni saqlash vazirligi hay`at majlislarida muhokama qilib borsin.

2018 yil 1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o`z joniga qasd qilingan har bir holat to`g`risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo`yilsin.

6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, vazirliklar va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o`qitish va ishga joylashtirish uchun tumanlar va Nukus shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuzilsin.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialida «psixiatriya» yo`nalishi bo`yicha klinik ordinaturada o`qish uchun o`rinlar sonini
10 nafargacha oshirish bo`yicha Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o`z takliflarini kiritsin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi «Sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-2863-son qarori ilovasining 2-bandidagi rus tili matnidagi «psixicheskix zabolevaniy» so`zlari «otdel`nыx psixicheskix zabolevaniy» so`zlari bilan almashtirilsin.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida takliflarni Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga kiritsin.

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, vazirlik va idoralar rahbarlari ko`rsatib o`tilgan chora-tadbirlar dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida, to`liq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilansin.

7. Qoraqalpog`iston Respublikasi Soliq boshqarmasi davolash-ishlab chiqarish korxonalarini 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha bo`lgan muddatda er solig`i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i va mulk solig`idan, shuningdek, yagona soliq to`lovlaridan ozod qilish topshirilsin.

8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishni o`z zimmamda qoldiraman.

 

 

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                        Q.Sariev

 


Ko'rib chiqildi: 1401