Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (61 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (61 KB)

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5392-sonli Farmoni haqida

Arxitektura va qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, hayot va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan shaharsozlik faoliyatini sifat jihatidan yangi darajaga ko`tarish, shaharsozlik faoliyatiga innovatsion g`oyalar, ishlanmalar va ilg`or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimni yaratish, ko`rsatilayotgan xizmatlarning shaffofligini ta`minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi va O`zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar kontseptsiyasini amalga oshirish maqsadida, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  2 apreldagi “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5392-sonli Farmoni ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan Farmoni bilan:

a) quyidagilar:

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi negizida O`zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi (keyingi o`rinlarda Vazirlik deb yuritiladi);

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi huzuridagi Rivojlantirish va moddiy rag`batlantirish jamg`armasi hamda Ta`lim muassasalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bazasida Vazirlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etilganligi;

b) quyidagilar:

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi huzuridagi Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspektsiyasi Vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasi;

Qurilishda standartlashtirish va sertifikatlash respublika markazi Qurilishda standartlashtirish respublika markazi etib qayta tashkil qilinganligi;

v) Quyidagilar:

qurilish sohasida tegishli faoliyat turlarini litsenziyalash funktsiyasini Vazirlikka o`tkazgan holda Qurilish sohasida islohotlarning amalga oshirilishi monitoringi va faoliyatni litsenziyalash bo`yicha Respublika komissiyasi;

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi huzuridagi Shaharsozlik faoliyatini axborot bilan ta`minlash markazi;

O`zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi huzuridagi Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish markazi tugatilganligi;

Vazirlik O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda 1-ilovada nazarda tutilgan litsenziyalarni berishi belgilanganligi;

g) Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib:

shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta`minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;

respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;

shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo`nalishlari bo`yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o`rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;

loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo`llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha echimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;

shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;

arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarida o`quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilash, qurilish sohasida, jumladan chet eldagi etakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko`maklashish ishlari belgilanganligi;

d) Vazirlik:

O`zbekiston Respublikasida arxitektura va qurilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi etib hisoblanishi;

mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh va eksportga yo`naltirilgan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko`paytirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, yangi turdagi yuqori sifatli qurilish materiallariga bo`lgan ichki talabni qondirish bo`yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish borasida “O`zqurilishmateriallari” AJ faoliyatini muvofiqlashtirishi;

O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtirilishi belgilanib qo`yilganligi;

e) quyidagilar Vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat bo`yicha inspektsiyaning asosiy vazifalari etib:

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarga qat`iy muvofiq ravishda kompleks qurilishi, aholi punktlarini rejalashtirish va qurish, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to`g`risidagi qonunchilikka, shaharsozlik norma, qoida va standartlariga so`zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

buyurtmachi texnik nazorat va loyiha tashkilotlari mualliflik nazorati olib borishi ustidan monitoring o`tkazish ishlari belgilanganligi;

j)  qurilish-montaj tashkilotlari reestrini yuritish to`g`risidagi talab bekor qilinganligi;

barcha tadbirkorlik sub`ektlariga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg`armasidan moliyalashtiriladigan ob`ektlar qurilishi doirasida tovar (ish, xizmat)larni xarid qilish bo`yicha tanlov (tender) savdolarida belgilangan tartibda ishtirok etish huquqi berilganligi;

z) Vazirlar Mahkamasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashning quyidagilarni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan mexanizmini tasdiqlashi va unga ko`ra:

litsenziya shartnomasini imzolash zaruratini bekor qilgan holda, aniq va to`liq litsenziya talablari va shartlarini;

litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishning samarali mexanizmini;

moddiy javobgarlik hamda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishni;

Vazirlikka 2018 yilning oxiriga qadar 1-ilovada nazarda tutilgan ilgari berilgan litsenziyalarning ushbu Farmon bilan belgilangan litsenziyalashning yangi mexanizmini hisobga olgan holda qayta rasmiylashtirilishini ta`minlash topshirilganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga 2018 yil 1 iyulga qadar muddatda akkreditatsiya mexanizmini joriy etish orqali, jumladan akkreditatsiya organining mustaqilligini ta`minlash, sub`ektlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash tartibini belgilashni nazarda tutgan holda, qurilish sohasida texnik nazoratga oid davlatning ayrim funktsiyalarini xususiy sektorga o`tkazish bo`yicha taklif kiritish topshirilganligi;

k) Qurilish faoliyatini takomillashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

O`zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida, sifatli va to`liq bajarilishi uchun shaxsan javob berishi belgilanganligi;

l) Vazirlikka Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risidagi takliflarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari (Nagmetov)ga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qoraqalpog`iston Respublikasi arxitektura va qurilish qo`mitasi negizida o`rnatilgan tartibda Qoraqalpog`iston Respublikasi Qurilish vazirligini  tashkil etish topshirilsin.

4.  Qoraqalpog`iston Respublikasi Qurilish vazirligi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan Farmoni bilan belgilab  qo`yilgan vazirlikning asosiy vazifalari asosida faoliyatini tashkil etsinlar.

5.  Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari (Nagmetov) tumanlar va Nukus shahri hokimliklari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda  barcha tadbirkorlik sub`ektlarini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg`armasidan moliyalashtiriladigan ob`ektlar qurilishi doirasida tovar (ish, xizmat)larni xarid qilish bo`yicha tanlov (tender) savdolarida belgilangan tartibda ishtirok etishini ta`minlasinlar.

6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Qurilish vazirligi  manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan Farmoni bilan 2-ilovaga muvofiq tasdiqlangan “Qurilish faoliyatini takomillashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi” doirasida belgilangan tadbirlarni muddatda amalga oshirsinlar hamda tadbirlarning sifatli va to`liq bajarilishi uchun shaxsan javobgarlik yuklatilsin.

7. Qoraqalpog`iston Respublikasi Qurilish vazirligi tumanlar va Nukus shahri hokimliklari,  Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o`z normativ hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalarga muvofiqlashtirsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o`rinbosari A.A.Tajetdinov, Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari S.I.Nagmetov zimmasiga yuklansin.

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi  

 Vazirlar Kengashining Raisi

 

  

 Q.Sariev

 


Ko'rib chiqildi: 1815