Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (66 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (66 KB)

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5416-sonli Farmoni haqida

Xalqimizga azal-azaldan xos bo`lgan ma`rifatparvarlik, bag`rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ`ib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashda diniy-ma`rifiy soha vakillarining o`rni va ishtirokini oshirish, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi PF-5416-sonli Farmonining ijrosini ta`minlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi: 

1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5416-sonli Farmoni ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan:

a) Quyidagilar:

“jaholatga qarshi ma`rifat” ulug`vor g`oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma`rifiy faoliyatni jadal tashkil etish; 

islom va jahon tsivilizatsiyasiga bebaho hissa qo`shgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur o`rganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish;

dinni zo`ravonlik va qon to`kish bilan bir qatorga qo`yadigan buzg`unchi yot g`oyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish;

jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot bo`lgan g`oyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish;

jamiyatda bag`rikenglik, o`zaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik
va totuvlikni, ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlashda diniy-ma`rifiy soha vakillarining daxldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish;

diniy-ma`rifiy tashkilotlarning moddiy-texnika ta`minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag`batlantirish
va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

globallashuv sharoitida jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligi va e`tiqod erkinligiga tahdid tug`dirishi mumkin bo`lgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan axborot-tahliliy faoliyatni kuchaytirish;

diniy va dunyoviy bilimlar uyg`unligini rivojlantirish asosida ta`lim sifatini oshirish, diniy-ma`rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimini yaratish
diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo`nalishlari etib belgilanganligi: . 

b) Diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi; 

v) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat
Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o`rganish axborot-tahlil markazi (keyingi o`rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etilganligi;

Markaz Din ishlari bo`yicha qo`mitaning axborot-tahliliy tuzilmasi hisoblanishi;

g) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, O`zbekiston musulmonlari idorasining O`zbekiston islom akademiyasi va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti negizida O`zbekiston xalqaro islom akademiyasini tashkil etish to`g`risidagi taklifi ma`qullanganligi;

 

O`zbekiston musulmonlari idorasi va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita muassisligidagi  

respublikadagi barcha islom ta`lim muassasalari faoliyatini o`quv-me`yoriy va o`quv-uslubiy jihatdan ta`minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshirishi;

O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag`lari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi;

huquq va majburiyatlar bo`yicha qayta tashkil etilayotgan O`zbekiston islom akademiyasining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining huquqiy vorisi hisoblanishi belgilanganligi;

O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta`lim maktablari, o`rta maxsus va oliy ta`lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar bo`yicha pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish huquqi berilganligi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-son “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 14-bandida belgilangan imtiyozlar O`zbekiston xalqaro islom akademiyasiga ham tatbiq etilganligi;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish
va qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi qarorni qabul qilish topshirilganligi; 

d) O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega bo`lgan Malaka oshirish markazi tashkil etilishi inobatga olinganligi;

Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida
imom-xatiblar, imom noiblari, diniy soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, oliy va o`rta ta`lim muassasalarining sohaga tegishli pedagog kadrlari qayta tayyorgarlikdan o`tishi va malaka oshirishi;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish va qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi qarorni qabul qilish topshirilganligi; 

e) O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon tsivilizatsiyasiga qo`shgan boy diniy-ilmiy merosini keng targ`ib qiluvchi, diniy-ma`rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka etkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilganligi; 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda “Ziyo” media markazi ishini samarali tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmog`i, zamonaviy telestudiya, televizion uskunalar jamlanmasi, komp`yuter texnikalari, dasturiy ta`minot va boshqa texnika vositalari bilan ta`minlash choralarini ko`rish topshirilganligi; 

“Ziyo” media markazi 2021 yilning 1 mayiga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxatlar bo`yicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy telestudiya tashkil etish uchun zarur bo`lgan asbob-uskunalar, komp`yuter va server texnikasi, texnika vositalari, shuningdek, boshqa moddiy-texnika resurslarini olib kirish uchun bojxona to`lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig`imlar bundan mustasno) to`lashdan ozod etilganligi; 

j) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi va O`zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazining oliy diniy-ma`rifiy ta`lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabini tashkil etish to`g`risidagi taklifi qabul qilinganligi;

Qur`oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o`rgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo`shgan ulug` vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta o`zlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish ko`nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda hadislardagi ezgu umuminsoniy g`oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga etkazish Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilangani inobatga olinganligi; 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo`llab-quvvatlash to`g`risidagi qarorni qabul qilish topshirilganligi;

z) O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi mazkur fondni tugatish to`g`risida qaror qabul qilganligi, O`zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganligi, 2-ilovaga muvofiq ushbu jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi ma`qullanganligi ma`lumot uchun qabul qilinganligi; 

“Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi: 

fuqarolarning diniy, ma`naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;

masjidlar va diniy ta`lim muassasalarining binolarini qurish, ta`mirlash, rekonstruktsiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

tarixiy-me`moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta`mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish; 

diniy ta`lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o`qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o`quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy
qo`llab-quvvatlash;

masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy
qo`llab-quvvatlash; 

islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning etuk olim va ulamolari qalamiga mansub
diniy-ma`rifiy asarlarni chop etish va aholiga etkazishga ko`maklashish;

yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va xorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlash. 

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita bilan birgalikda O`zbekiston musulmonlari idorasiga bir oy muddatda “Vaqf” xayriya jamoat fondining moliyaviy-xo`jalik faoliyatini tashkil etish, fuqarolardan zakot, fitr
va boshqa xayriya mablag`lari sifatida tushadigan mablag`lar Fondning alohida hisob raqamida to`planishi, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmog`i orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablag`larning tushishi va sarflanishida to`liq shaffoflikni ta`minlash bo`yicha amaliy ko`mak berish qayd etilganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Davlat soliq qo`mitasi va O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikadagi barcha muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni o`rganib chiqish hamda ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo`yicha aniq takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi; 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2018 yil 1 iyulga qadar o`rganish natijalari asosida muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni “Vaqf” xayriya jamoat fondiga foydalanish uchun ijaraga berish huquqi bilan biriktirib berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilish topshirilganligi; 

Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar moddiy madaniy meros ob`ektlari hisoblanishi hamda ularning talab darajasida muhofaza qilinishi ustidan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan davlat nazorati o`rnatilishi; 

k) O`zbekiston musulmonlari idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi mablag`lari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma`rifiy tashkilotlarda: 

faoliyat yuritayotgan xodimlarga, shu jumladan imom-xatiblarga oylik ish haqi to`lash;

faoliyat yuritayotgan uy-joyga muhtoj xodimlarni xizmat uy-joylari bilan ta`minlash; 

ko`p yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-xatiblarga yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha qurilayotgan
uy-joylarni sotib olib, tekinga berish to`g`risidagi taklifi qabul qilinganligi;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga O`zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasiga asosan idora tizimidagi diniy-ma`rifiy tashkilotlar xodimlariga xizmat
uy-joylari va ularga sotib olib berish uchun yangilangan namunaviy loyihalar bo`yicha qurilayotgan uy-joylarning ajratilishini ta`minlash topshirilganligi;

l) 2018 yil 1 iyuldan boshlab O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi: 

o`qituvchi, ilmiy xodim va mutaxassislarga yagona tarif setkasi bo`yicha mehnatga haq to`lash razryadlariga ko`ra tarif koeffitsientlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz xodimlariga – 4 baravar) miqdorda qo`llanilishi;

pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona bo`lgan taqdirda pensiyalari to`liq to`lanishi;

Mazkur bandning uchinchi xatboshisi barcha diniy-ma`rifiy tashkilotlar xodimlariga tatbiq etish belgilanganligi;

m) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Fanlar akademiyasi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi, O`zbekiston musulmonlari idorasi va keng jamoatchilikning islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti
va boy ilmiy merosini chuqur o`rganish, mamlakatimiz dovrug`ini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qo`shib kelayotgan shaxslarni rag`batlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” davlat mukofotini ta`sis etish haqidagi taklifi qo`llab-quvvatlanganligi; 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda mazkur davlat mukofotini ta`sis etish chora-tadbirlari to`g`risidagi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish topshirilganligi;

n) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaga Adliya vazirligi bilan birgalikda diniy-ma`rifiy sohada namunali faoliyat yuritayotgan, ijtimoiy-ma`naviy ishlarda alohida o`rnak ko`rsatayotgan soha vakillarini rag`batlantirish, shu jumladan davlat mukofotlariga taqdim etish bo`yicha takliflarni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritib borish topshirilganligi;

o) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaga: 

bir hafta muddatda qo`mita faoliyatini takomillashtirish va uning yangilangan tuzilmasini tasdiqlash haqidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqish; 

Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikdabir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasida diniy-ma`rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

4. Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda o`zlari qabul qilgan
normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta`minlasin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosarlari A.Tajetdinov, M.Jumanov, M.Aleuov zimmalariga yuklansin.

 

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                       Q.Sariev

 


Ko'rib chiqildi: 1130