Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (64 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (64 KB)

FEDERAL DAVLAT AVTONOM OLIY TA`LIM MUASSASASI “MILLIY TeXNOLOGIK TADQIQOTLAR UNIVERSITETI “MISIS”NING OLMALIQ ShAHRIDAGI FILIALI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO`G`RISIDA

Respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmog`i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, oliy texnik ta`lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

 

1. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, Toshkent viloyati hokimligi va Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida (Toshkent viloyati) Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filialini (keyingi o`rinlarda Filial deb yuritiladi) tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin.

 

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo`nalishlari etib belgilansin:

 

respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog`i uchun muhim ilmiy- texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta`lim standartlari darajasida tayyorlash;

 

metallurgiya, konchilik ishi va sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

 

mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta`lim va fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta`lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;

 

muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo`naltirilgan yangi ta`lim dasturlari hamda o`qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

 

ta`lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

 

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o`qitish uslublarini faol takomillashtirish;

 

ta`lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning etakchi ta`lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

 

3. Belgilab qo`yilsinki:

 

Filial Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (keyingi o`rinlarda – “MISiS” MTTU) alohida tarkibiy bo`linmasi hamda kadrlarga bo`lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta`limning kelishilgan asosiy yo`nalish(mutaxassislik)lari bo`yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi;

 

Filialda o`qitish O`zbekiston Respublikasi davlat ta`lim standartlari talablarini e`tiborga olgan holda “MISiS” MTTU tomonidan tasdiqlangan o`quv rejalar va dasturlar bo`yicha amalga oshiriladi;

 

abiturientlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestatsiyasi “MISiS” MTTU tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

 

Filial bitiruvchilariga O`zbekiston Respublikasida oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

 

4. Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialida mutaxassislarni o`qitish va tayyorlashning asosiy yo`nalish(mutaxassislik)lari 1-ilovaga muvofiq ma`qullansin.

 

5. Filialga tekin foydalanish uchun:

 

Navoiy davlat konchilik institutining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko`chasi, 56-uy manzilida joylashgan binosi;

 

2017/2018 o`quv yili yakuni bo`yicha faoliyati tugatilayotgan Olmaliq sanoat kasb-hunar kollejining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko`chasida joylashgan binosi berilsin.

 

6. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi:

 

“MISiS” MTTU va “Olmaliq TMK” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda o`rnatilgan tartibda Filial ta`sis hujjatlarining ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda uning belgilangan tartibda davlat ro`yxatidan o`tkazilishini ta`minlasin;

 

bir oy muddatda “MISiS” MTTU bilan Filialning tashkiliy tuzilmasini kelishsin va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli hukumat qarori loyihasini kiritsin;

 

2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o`qituvchilar tarkibi bilan ta`minlasin.

 

7. Filialga 2018/2019 o`quv yili uchun ta`limning kunduzgi shakli bo`yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning “Konchilik ishi” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 75 kishi, “Metallurgiya” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 50 kishi, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo`yicha)” ta`lim yo`nalishi bo`yicha 25 kishi etib belgilansin.

 

8. “MISiS” MTTU:

 

o`quv jarayoniga ilg`or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;

 

mutaxassislarning malakasini oshirishga va Filialning professor-o`qituvchilari tarkibini qayta tayyorlashga;

 

Filialning kutubxona fondini zamonaviy o`quv, o`quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to`ldirishga ko`maklashishi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

 

9. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “O`zmetkombinat” AJ, “O`zikkilamchiranglimetall” AJ, boshqa davlat

va xo`jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda har yili yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga bo`lgan ehtiyojni tahlil qilsin va uning natijasi yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga keyingi o`quv yillarida Filialga ta`lim yo`nalishlari hamda mutaxassisliklari bo`yicha qabul qilinadigan talabalar soni yuzasidan takliflar kiritib borsin.

 

10. Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali Vasiylik kengashining (keyingi o`rinlarda – Vasiylik kengashi) shaxsiy tarkibi 2-ilovaga muvofiq ma`qullansin.

 

11. Belgilab qo`yilsinki:

 

a) Filial faoliyatini moliyalashtirish:

 

O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga talabalarni, lekin Filialga ta`lim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo`lmagan holda, davlat granti asosida o`qitishga ajratiladigan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari;

 

talabalarni to`lov-kontrakt asosida o`qitishdan tushadigan mablag`lar;

 

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag`lari;

 

xalqaro moliya institutlari grantlari;

 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

 

b) Filialni tashkil qilish, uning moddiy-texnik va o`quv bazasini shakllantirish bo`yicha tashkiliy tadbirlarni, jumladan, ta`mirlash-tiklash ishlarini olib borishni, bino va inshootlarni zarur mebel`, inventar`, zamonaviy o`quv hamda laboratoriya jihozlari, komp`yuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta`minlashni, shuningdek, “MISiS” MTTU mutaxassislarini jalb qilish bilan bog`liq xizmat safari xarajatlarini, Filial mahalliy o`qituvchilarining stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish “Olmaliq TMK” AJ mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi;

 

v) “MISiS” MTTUdan Filialga jalb qilinadigan professor-o`qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to`lash:

 

30 kungacha bo`lgan qisqa muddatli xizmat safari bo`yicha – Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlari bilan oliy o`quv yurtlari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;

 

uzoq muddatli xizmat safari bo`yicha – o`quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

 

12. Filialga o`qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijiy professor-o`qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo`yicha to`lashga ruxsat berilsin.

 

13. Belgilab qo`yilsinki, Filialni saqlash uchun byudjet mablag`lari 2018 yilda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo`yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2019 yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

 

14. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga ikkita avtotransport vositasini, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi engil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.

 

15. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3153-son qarori bilan tuzilgan, Federal davlat avtonom oliy ta`lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filialini tashkil etish bo`yicha tashkiliy qo`mita:

 

2018 yil 1 iyulga qadar muddatda Filialning bino va inshootlari rekonstruktsiya qilinishini, shuningdek, Filial talaba va o`qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini;

 

2018 yil 31 avgustga qadar muddatda Filial joylashtirilishini va uni zarur mebel`, inventar`, zamonaviy o`quv va laboratoriya jihozlari, komp`yuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta`minlasin.

 

16. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o`qituvchilar va ma`muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a`zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig`imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta`minlasin.

 

17. O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o`qituvchilar va ma`muriy xodimlarga hamda ularning oila a`zolariga davlat bojlari to`lashdan ozod etgan holda ko`p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro`yxatdan o`tkazilishi hamda vaqtinchalik ro`yxatdan o`tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta`minlasin.

 

18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan Filialni tashkil qilishda va uning faoliyatida ishtirok etadigan malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarning O`zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta`minlasin.

 

19. 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda Filialni jihozlash va uning faoliyatini ta`minlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro`yxat bo`yicha olib kiriladigan O`zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o`quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, komp`yuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o`quv va ilmiy-uslubiy adabiyot, inventar` va moddiy-texnika resurslari bojxona to`lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig`imlaridan tashqari) ozod etilsin.

 

20. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda:

 

Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji xodimlarini ishga joylashtirish;

 

Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji o`quvchilar kontingentini yaqin bo`lgan tegishli kasb-hunar kollejlariga yo`nalish(kasb)lar bo`yicha joylashtirish orqali ularning kelgusida ta`lim olishini ta`minlash choralarini ko`rsin.

 

21. O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

22. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosarlari Q.V.Akmalov, A.S.Sultonov, O`zbekiston Respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri I.U.Madjidov hamda “Olmaliq TMK” AJ boshqaruvi raisi A.Q.Farmonov zimmasiga yuklansin.

 

 

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                                            Sh.MIRZIYoeV

 

 

 

Toshkent shahri, 
2018 yil 11 may
 

 


Ko'rib chiqildi: 1606